"Yoqimsiz budilnik ovozi yana vaqtli turish kerak. Uff ishga borgim
kelmayapti, bu juda zerikarli va yoqimsiz. Ish kuni qachon tugar ekan?
Soatga qarayapman-u, ammo vaqt hech o’tmayapti. Bugun chorshanba. Bu
haftada yana ikki kun ishga borish kerak, ana undan so’ng yakshanba
keladi. Shu ikki kun o’tsa-yu ketsa, dam olish kuni kelaqolsa. Bu ishni
yomon ko’raman." Shunga o’xshash jumlalarni sevgan kasbi bilan
shug’ullanmaydigan insonlardan ba’zan eshitib qolishimiz mumkin.
Uning aksi bo’lsa-chi? "Oh, budilnikning ovozimi men allaqachon nonushta
qilib bo’ldim, ishga ketadigan vaqt bo’lib qolibdi-ku. Vaqt qanday tez
o’tib ketayapti-a? Kechagina dushanba edi bugun esa juma. Voy hali
qancha ishlarga bugun ulgurishim kerak”. Bunday insonlar yuzida doimo
tabassum, ishdan qoniqish, hayotdan zavqlanishlarini ko’rishingiz
mumkin.
Siz bulardan qay birini ma’qul ko’rasiz? Savolimiz siz nima his
qilayotganligingizda emas, nima qilishni xohlashingizda. Ochig’ini
aytganda, har qanday inson bunday kishilarga oz bo’lsa-da havas
qilmasligiga ishonmayman. Ular har bir kunidan zavqlanishadi. Ular uchun
bu qiyin ish emas, shunchaki o’z sevgan kasbi bilan shug’ullanishga
imkoniyatdir. Nega deysizmi? Chunki ular bu yo’lni oldindan tanlagan.
Siz ham ishingizdan zavqlanishingiz uchun oldin zavqlanish siz uchun
nimaligini aniqlab olishingiz kerak. Bu amalni bajarish nafaqat
ishingizdan zavqlanish, balki umuman hayotingizdan mamnun bo’lishingizga
yordam beradi. Bu yerda ishingizdan qoniqish, undan zavq olishingiz
uchun mo’ljallangan bir necha yo’llarni berib o’tmoqchimiz. Bu albatta
birdaniga bo’ladigan hodisa emas, bu vaqt talab qiladi, ammo natijalar
hayratlanarli darajada bo’ladi.
O’zingizni o’rganing.
- Sizni nima xursand qilishini bilib oling. Shu
haqda o’ylab uni qog’ozga tushuring. Ularni ishingizda uchrashi va
qanchalar takrorlanishiga e’tibor bermay ro’yxatini tuzing. Buni
ishingizga aloqasi yo’q, bu siz o’zingizni anglab olishingiz uchun
kerak.
- Har safar o’zingizga "nimaga?” degan savolni
bering. Yuqoridagi qadamimiz orqali siz o’zingizni xursand qiladigan
narsalar ro’yxatini tuzib oldingiz. Endi ularning har biriga nimaga
degan savolni berib uning sababini topib oling. Misol tariqasida siz
baliq tutishga borishni xush ko’rsangiz, nimaga degan savol orqali siz
do’stlar davrasida bo’lganingiz uchun baliq tutishga borishni xush
ko’rasizmi, yoki baliq tutishni o’zini xush ko’rganingiz uchun baliq
tutishga borishni yoqtirishingizni aniqlab olasiz. Shu yo’sinda uning
ildiziga yetgunga qadar shu savolni beraverasiz. Ana endi sizga kerak
bo’lgan asl ro’yxat baydo bo’ldi.
- Sizni nima g’ashingizga tegishini aniqlab oling.
Bunda xuddi yuqoridagidek (ikkinchi qadamdadek) aniqlab olasiz. Oldin
ularni ro’yxatini tuzib, so’ng nimagaligini aniqlab olasiz. Oddiy misol
ertalab ishga borishni yoqtirmassiz. Unda yana nimaga? Balki vaqtli
turishni xush ko’rmassiz. Nimaga barvaqt turishni xush ko’rmaysiz? Shu
yo’sinda ildizini topguncha. Nimaga? :)
- Sizni yaxshi ishlashingizga sabab bo’ladigan narsalar ro’yxatini tuzing.
Masalan, kimlardir ko’proq gap bilan bo’g’liq ishlarda ishlashni xush
ko’radi va bu uning yanada ko’proq ijod qilishiga sabab bo’ladi va
hokazo. Bu oson emas lekin juda kerakli.
Ishingizni o’rganib chiqing.
- shingizning yaxshi tomonlari. Siz ishingizni xush
ko’rmagan taqdiringizda ham uning qaysidir xususiyatlari sizga xush
kelishi mumkin. Xotirjamlik bilan chalg’imagan holda ishingizdan mamnun
bo’ladigan taraflarini o’ylang. Yomon taraflarini bir chetga qo’yib
turib faqat yaxshi taraflarini, sizni xursand qiladiganlarini ro’yxatini
tuzing. E’tiboringizdan hech biri qolib ketmasin.
- Nimaga? Xuddi yuqoridagi qadamlarday nimaga degan
savolni berib chiqasiz. Va bizda yana bir ro’yxat paydo bo’ladi. Paydo
bo’lgan ro’yxat bizga juda ham kerak, uni keyinroq "O’zingizni
o’rganing” degan bo’limdagi 2-qadamda paydo bo’lgan ro’yxat bilan
solishtirishda kerak bo’ladi.
- Ishingizni yoqtirmaydigan taraflarini yozib chiqing.
Buni yozish osonroq bo’lsa kerak. Ammo umumiy narsalarni yozmang. Misol
uchun "Men ishimni yomon ko’raman” yoki shunga o’xshash. Aniqlikka
e’tibor bering ishchilarmi, yoki ish sharoiti va boshqalar.
- Nimaga? Degan savol bilan ularning barchasini
aniqlashtirib olamiz. Boshlig’ingiz yomonmi? "Nimaga, nima uchun?” deb
emas, u nimaga aynan sizga yoqmasligini, aynan nimaga sizni bu
jahlingizni chiqarishini sabablarini yozing.
Solishtiring.
- Mos kelgan yaxshi taraflarini yozib oling. Sizni
umuman xursand qiladigan narsalar ro’yxatini sizni ishxonada xursand va
g’ashingizni keltiradigan narsalar bilan solishtiring. Qizig’i shundaki
sizni ishxonada g’ashimni keltiradi deb yozgan narsangiz siz meni
xursand qiladigan narsalar degan ro’yxatingizdagi amal bilan bir xil
bo’lib qolishi mumkin. Masalan, "Ishxonada sherigim ko’p gapirishini
yoqtirmayman va insonlar bilan gaplashish meni xursand qiladi”, degan
gaplarga o’xshab. ;) Ishxonada yoqtirgan va yoqtirmagan narsalaringiz
ro’yxatini meni xursand qiladigan narsalar ro’yxati bilan solishtirib
bir xillarini alohida bir qog’ozga yozib oling.
- Mos kelgan yoqimsiz taraflarini yozib oling. Xuddi
yuqoridagi qadamga o’xshab, endi sizni ishxonada xursand va
g’ashingizni keltiradigan amallar ro’yxatini umuman g’ashingizni
chiqaradigan narsalar ro’yxati bilan solishtirib mos kelganini yana
alohida bir ro’yxat qiling.
- Qarama-qarshiliklarga e’tibor bering. Ishxonada
yaxshi ko’raman degan narsangiz mening g’ashimni keltiradigan narsalar
ro’yxatidan chiqishi yoki teskarisi – ishxonada g’ashimni chiqaradi
degan narsangiz meni umuman xursand qiladigan narsalar degan
ro’yxatingizdan chiqishi mumkin. Ana shunday amallarni alohida yana bir
qog’ozga ajratib yozing.
- To’g’ri keladiganlari. Endi alohida bir qog’ozga
bir biriga mos tushganlarini yozib chiqing, ya’ni ishxonada yo’qotadigan
narsangiz siz umuman yoqtiraman degan ro’yxatga mos tushganlarini, yoki
aksincha, ishxonada yoqtirmayman degan narsangiz siz umuman
yoqtirmayman degan ro’yxat bilan mos tushsa.
- Bajargan amallaringizni tekshiring. Yuqoriga
tuzilgan barcha ro’yxatlarni yaxshilab tekshiring. Xatolik ketmaganiga
amin bo’ling. Sizga bu narsa hayotda juda ko’p bora kerak bo’ladi.
Shuning uchun erinchoqlikka yo’l qo’ymay bir bajarganda ishlaringiz
to’g’riligiga ishonch hosil qiling. Aks holda, keyinchalik bu narsalarni
yana boshqatdan qilishingizga to’g’ri kelishi mumkin.
- Tanaffus. Endi ozgina tanaffus e’lon qiling, miya
hujayralaringizga dam bering, charchog’ingiz chiqqanidan keyin qolganini
davom ettiring. Shoshilmang, tezroq natijaga erishaman deb bekorga
xatoliklarga yo’l qo’yasiz. Bir ikki kun dam olib qolganini davom
ettiring shunda siz o’zingizni tetik his qilasiz. O’zingizni tayyor yoki
yo’q ekanligingizni o’zingiz ham sezasiz. Hatto men shuncha narsani
yozguncha boshim tutab ketay dedi. :)
Amallarni bajarish.
- Mas’uliyatni o’z bo’ynigizga oling. Sizning
maqsadingiz ishdan zavq olish. Buni bajarish uchun esa siz ijobiy
o’zgarishlar qilmoqchi ekanligingizni tushunishingiz kerak. Boshlang’ich
ishni bajarganingiz uchun ishlar birdaniga sehrli ravishda o’zgarib
ketadi deb o’ylamang. Bu uchun siz o’zingizni xulq-atvoringiz va
xohisharingizni har doim inobatga olib yurishingiz kerak.
- Ijobiy tarafdan yondashing. Masalan, boshlig’ingiz
kun bo’yi oldingizdan ketmasa, hamkasblaringiz oldida bo’lishni
yoqtirishingizni o’ylang, telefoningiz jiringlashdan to’xtamaganda,
insonlar bilan muloqotda bo’lishni yoqtirishingizni yodda saqlang,
sizdan hamkasblaringiz qo’shimcha ishni qilishni so’rashsa, siz
insonlarga yordam qo’lini cho’zish sizni xursand qilishini yodda
saqlang. Bu yerda maqsad shuki, siz yuqorida ishda sizni xursand
qiladigan narsalar royxatiga ularning to’g’ri kelishi. Sizni ishda
xursan qiladigan narsalar ro’yxatidagi amallardan birini ishda
bajarganingizda, har gal o’zingizga men bu ishdan xursandman, chunki men
...... yaxshi ko’raman deyishingiz uchun kerak.
- Sizni yaxshi ishlashingizga sabab bo’adigan narsalarga e’tibor bering.
Ishingizda sizni yaxshi ishlashingizga g’ayrat, kuch beradigan
narsalar bo’lishi kerak. Shu narsalarni qidirib toping. Bu narsani
boshlig’ingiz ham bilishi kerak. Boshlig’ingiz bilan shu haqda
gaplashing va u shu narsalarni ko’paytirib berishga harakat qilishi
mumkin. Bundan uyalmang, siz bir marta so’raysiz va uning ustiga
ko’pchilik ish yurutuvchilar so’ragan narsangizni yaratib berishga
harakat qiladi. Sababi, ular o’z ishchilarining ishi samarali bo’lishini
istaydi. Bu haqda gapirayotganingizda boshliq bilan ishning yaxshi
tomonlari haqida gap yuritishga harakat qiling.
- Yomon fikirlarni xayolingizdan chiqaring. Ba’zan
ishingizni yomon ko’rishingiz sizga tinchlik bermaydimi yoki ishning
ma’lum bir qismimi? Bunday xayollar ongingizni to’ldirib, fikringizni
chalg’itadi. Bu esa yaxshimas. Xayolaringizga shunday narsalar
kelayotganida fikrni yaxshi narsaga chalg’itishga harakat qiling. Hech
bo’lmaganda ishda sizni xursand qiladigan tomonlari haqida o’ylang.
Albatta, bu oson emas, ammo harakat qilmasangiz, bu odatiy holga aylanib
qolishi mumkin, va undan qutilishingiz qiyin kechadi. Hatto
asabiylashishga ham olib kelishi mumkin. Shuning uchun buni oldini olgan
ma’qul.
- Tanaffus vaqtini aql bilan sarflang. 20-30
daqiqalik tanaffus vaqtingiz bo’lganida o’zingiz sevgan ish bilan
shug’ullaning. Bu hamkasblar bilan yig’ilib gaplashib o’tiradigan vaqt
emas. Agar bu mahalliy odat bo’lsa undan chetlangan ma’qul. Ulardan
kimdir sayr qilishni yoqtirsa u bilan sayr qiling va bugungi kunda
bo’layotgan voqealar, xabarlar haqida gaplashing. Tushlik vaqtida ijobiy
insonlar bilan gaplashing, ishga salbiy nuqtai nazardan qaraydigan
kishilardan uzoqroq bo’lishga harakat qiling. Insonlar bir-biriga ta’sir
ko’rsatadi. Salbiy insonlardan sizga ham salbiy xislatlar o’tadi. Siz
ham ishingiz haqida salbiy o’ylay boshlaysiz. Ishni yaxshi ko’radigan
insonlar bilan gaplashsangiz ishingiz haqida ijobiy o’ylay boshlaysiz.
- O’zingizni ishontiring. Buni ko’pchilik foyda
bermaydi deb o’ylaydi, aslida unday emas bu juda foydali va amaliyotda
o’zini oqlagan. Etralab turib oynaning oldiga kelib men bugun kunimni
yaxshi o’tkazaman deyish sal g’alatiroq tuyilishi mumkin, ammo bu
insonga katta yordam berar ekan. Yuqorida yomon xayollar inson ongida
o’rnashib uni ruhiy tushkunlikka olib kelishi mumkinligi haqida
gaplashgan edik. Xuddi shunga o’xshab yaxshi xayollar ham inson ongida
o’rnashib, uning kayfiyati yaxshi bo’lishiga xizmat qilar ekan.
Boshlanishida bu sizga yordam bermayotgandek tuyilishi mumkin, ammo vaqt
o’tishi bilan albatta foydasini sezasiz. Shuning uchun tashlab
qo’ymasdan buni davom ettiring. Buni har kuni ertalab bajaring. Sizni
ishxonada xursand qiladigan amallar ro’yxatini ham tosh oynaga
yopishishtirib qo’yib har kuni ertalab uni oldiga kelganingizda bir
marta o’qib turing va tez orada siz buning foydasini sezasiz.
- Natijasini ko’ring. Siz yuqoridagi maslahatlarga
amal qilsangiz, demak tez orada uning foydasini ko’rasiz. Boshlanishida
bu chaqaloqning qadamlari kabi qiyin va natijalari sekin bo’ladi, siz
o’zingizni nazorat qilib borishingizga to’g’ri keladi. Natija albatta
bo’ladi faqat ularni sezish sizning qo’lingizda. Natijalarni
sezganingizda juda ham xursan bo’lasiz. Bu esa sizning keyingi yaxshi
natijalarga erishingizga zamin yaratib beradi. Har safar natijalar
oldingisidan ko’ra tezroq kela boshlaydi. Lekin bir narsani unutmang: bu
hayot, unda bir kun yaxshi bo’lsa, bir kuni sal omadsizroq kelishi
mumkin, shuning uchun hayotning bunday qorong’u kunlarini tezda xayoldan
chiqarib olg’a qarab intiling va faqt unga ijobiy yondashishga harakat
qiling. Hatto dunyodagi eng baxtli kishi ham, men umrimdagi har bir
kunidan qoniqdim deb ayta olmaydi, ya’ni har bir kuni menga quvonch olib
keldi deb, chunki hayotda normal odamda bunday hol kuzatilmaydi.
Shunday ekan, bunday kunlarni faqat tez unutish, yaxshi kunladan esa
bahramand bo’lish kerak. Sizga omad tilaymiz, ishingiz o’ngidan kelsin.
Maslahatlar:
- Agar siz shunda ham ishingizdan qoniqmasangiz,
yuqoridagilar sizga yordam bermagan bo’lsa, yangi ish topishda yuqorida
aniqlab olgan sizni xursand qiladigan amallar ro’yxatidan foydalaning.
Bir marta qilgan xatongizni ikkinchi marta takrorlamang.
- Ish qidirish vaqtida insonlar o’ziga yoqadigan ishni
topishlari mumkin, lekin bu ham ma’lum vaqt talab qiladi, balki siz
o’zingizning ishingizga o’xshagan ishni, ammo g’ashingizga tegadigan
taraflarisiz toparsiz. Yoki sizning hozirgi ishlayotgan joyingizdan har
taraflama mukammal ish topishingizga sabab bo’larsiz. Yoki aksi, siz
o’zingizni ishingizni boshqa ishlarni ko’rganingizdan so’ng yaxshi
ko’rishingizni anglab yetarsiz.
- 3Ishdan charchagan bo’lsangiz ta’til oling balki aynan shu
sizning bezishingizga sabab bo’layotgandir. Sizning ishga
sovuqqonligingiz boshqalarga ham ta’sir qilishi mumkinligini unutmang.
- Ishda oladigan maoshingizdan bir qismini har doim alohida
fond sifatida yig’ib boring. Bu bir yoki ikki yil vaqtni olishi mumkin.
Nimaga kerak deysizmi ? Sababi siz yangi ish qidirib topishingiz oson
bo’lmasligi mumkin siz yoqtiradigan ishni topishingizga hatto 6 oylab
vaqt ketishi mumkin. Aynan shu vaqtda siz asrab qo’ygan pullaringiz
sizga yordam bo’ladi. Eng yaxshisi esa hech qachon yangi ish topmasdan
oldingisini tashlamang ;)
- Sizga yoqmagan insonlar tufayli ishni tashlab ketmang. Har
xil mish-mishlar, gap so’zlarga e’tibor bermang. Ba’zan unday
insonlarga uning qaysidir sizga yoqqan xislatini aytish uning sizga
bo’lgan munosabatini o’zgartirishiga sabab bo’lishi mumkin. Nima
bo’lganda ham ish tashlashdan oldin boshqa yo’llarini o’ylab ko’ring,
ish tashlash bu oxirgi yo’li. Balki ular aynan sizning joyingizni
ko’zlab shu ishni bajarayotgandir.
- Donishmandlar aytadiki, har joyda o’zining yaxshi tomoni
bo’lganidek yomon tomoni ham bo’ladi. Yomg’irdan qochib do’lga
tutilmang. Siz yollanmoqchi bo’lgan joyda, balki sizga yoqmaydigon
odamlar bitta emas ikkitadir, sizning g’ashingizga tegadigan narsalar
oldingisidan ham ko’pdir. Shuning uchun eski ishdan ketishdan oldin
yangi ishingizni yaxshilab o’rganib chiqing. Axir mashoyiqlarimiz
aytishadi-ku " yeti o’lchab, bir kes”…
Sizga omad tilab Abdullayev Ilhomjon
Kunigiz yaxshi o’tsin :)
Manba: Maslahat.uz
|