10:39 Ko‘z Atrofidagi Ajinlar Va Shishgan Qovoqlarning Oldini Olish Sirlari | |
Ko'z atrofidagi teri juda yupqa, mayin, quruq bo'lishga moyil bo'ladi, aynan shu bois ham ko'z atrofidagi teri kundalik nozik parvarish hamda namlantirib turishni talab etadi. Agar siz qovoq terilariga yetarlicha e'tibor qilmasangiz, unda ko'z atrofidagi ajinlar vaqtidan oldin paydo bo'lishi turgan gap. Lekin bu hali yagona muammo emas. Shishgan qovoqlar, qizargan ko'zlar, ularning ostidagi qora dog'lar bizni ajinlardan ham ko'proq tashvishga soladi. Xo'sh, bu ko'ngilsizliklardan xalos bo'lishning iloji bormi? Kosmetologlar qovoq terisini 25 yoshdan keyin parvarish qilib borishni, agar teringiz quruq bo'lsa, 20 yoshdan boshlab parvarish qilishni maslahat berishadi. Parvarish ikkita asosiy bosqichdan iborat bo'ladi: demakiyaj, ya'ni ko'zni makiyajdan tozalash va namlantirish. Qovoq terisini tozalash ularning qon bilan ta'minlanishini yaxshilaydi va ajinlarning muddatidan oldin paydo bo'lishiga to'sqinlik qiladi. Ko'zni makiyajdan tozalash uchun pardoz suti yoki quyuq va yog'li teksturaga ega pardoz qaymog'idan foydalangan ma'qul. Quruq teri uchun aloe vera, kalendula va mavrak (shalfey)li pardoz suti tavsiya etiladi. Ta'sirchan ko'zlar uchun bo'tako'z (vasilyok) ekstrakti qo'shilgan vosita juda mos keladi. U shishlar, qizarish va allergik qichishdan xalos qiladi. Shuningdek, undan charchoq ko'zlar uchun kompress sifatida ham foydalanish mumkin. Bir marta ishlatiladigan tozalovchi salfetkalar - demakiyaj uchun pardoz sutining ajoyib muqobili hisoblanadi. Kosmetologlar ularni hatto juda ta'sirchan terida ham yoki linza taqsangiz ham tavsiya etishadi. Salfetkalar gipoallergen bo'lib, bioproteinlar va E vitamini bilan namlantirilgan. Shunday ekan, siz nafaqat teringizni tozalaysiz, balki bir paytning o'zida uni namlantirasiz ham. Xuddi yuz uchun tonik yoki krem kabi demakiyaj uchun universal vositadan foydalanish ko'pgina ayollarning eng katta xatosi hisoblanadi. Kechqurun bunday vositadan foylanasiz, ertalab esa shishgan va qizargan ko'zlarga ega bo'lishingiz mumkin. Yuz terisi uchun foydalanadigan barcha vositalar qovoq terisiga umuman to'g'ri kelmaydi. Qovoq terisi uchun alohida pardoz vositalaringiz bo'lishi kerak. Muammoli teri uchun gellarni, shuningdek har qanday sovunni umuman ishlatmaslik zarur. Bunda siz nafaqat shish va allergiyani, balki ajinlarni ham orttirib olishingiz tayin. Bundan tashqari, ko'zni makiyajdan tozalash uchun yaxshi vositani tanlabgina qolmasdan, undan to'g'ri foydalana bilish ham juda muhim. Qovoqlarga surilgan tenlar va podvodkani ko'zning ichki burchagidan tashqi burchagi tomon harakat qilgan holda tozalaymiz. Kipriklar esa, orqa-oldinga qilingan harakatlar bilan emas, balki yuqoridan pastga qarab tozalanadi. Har bir ko'z uchun alohida yangi momiqli sponj ishlatamiz. Unga tozalovchi vositani juda ko'p qo'yish shart emas, aks holda u ko'zga tushishi va uni achitishi mumkin. Qovoq terisini namlantirish va oziqlantirish:Kechki parvarish. Ko'z makiyajdan tozalanganidan keyin qovoqlarga yengil nuqtali urishlar yordamida krem suramiz. Harakatlar ko'zning tashqi burchagidan burun tomonga qaratilgan bo'lishi kerak. Krem teriga uqalab singdirilmaydi, aksincha u o'zi singib ketgunga qadar kutiladi. Qovoq parvarishi uchun yengil emulsiyalarni va yog'lar asosidagi gelsimon kremlarni tanlagan ma'qul. Ular terini namlantiradi va tonusini oshiradi, ko'z atrofida joylashgan limfa tomirlarining faoliyatini yaxshilaydi. Agar ko'z atrofida ajinlaringiz bo'lsa, unda sizga kollagen asosidagi krem kerak bo'ladi. Yoshi ulg'aygan teri uchun krem-gellarni emas, balki keksayishga qarshi, masalan revitolli yoki kamfara moyi qo'shilgan emulsiyalar va zardoblarni tanlagan yaxshiroq. Shishgan va qizargan qovoqlarKo'zingizdagi kosmetikani to'g'ri tozalab, qovoqlarni krem bilan oziqlantirsangiz ham, agar to'yib uxlamasangiz yoki noqulay karavotda yoki yostiqda uxlasangiz, baribir toliqqan ko'zlar va shishlardan xalos bo'lmaysiz. Kichik tomirchalar yorilishi natijasida qizargan ko'zlar - to'yib uxlamaslikning yana bir oqibatidir. Ko'zlardagi qizarishni bartaraf etish uchun ko'zlaringizni yumgan holda ularning ustiga bodring parrakchalarini yoki qora choyga yoki moychechak, yalpiz, mavrak (shalfey) yoki jo'ka guli (lipoviy svet) damlamasiga (bir stakan qaynab turgan suvga bir osh qoshiq giyoh) namlantirib olingan momiqni qo'ying. Gap shundaki, shishgan qovoqlar va ko'z atrofidagi ajinlar uyqu paytida boshni noto'g'ri qo'yish oqibatida ham paydo bo'ladi. Haddan tashqari baland yostiq qovoq terisidagi vena oqimini buzadi va ko'zlarning solqishiga olib keladi. Yuzni yostiqqa qo'yib yotish, ko'zlar atrofida chuqur ajinlar paydo bo'lishiga turtki bo'ladi, shu bois qorin bilan yotish tavsiya etilmaydi. Yostiq silliq hamda lateks yoki xotirali ko'pikdan tayyorlangan bo'lishi lozim. Bunday material boshingizning holatini fiksatsiya qiladi va uni eslab qoladi. Bundan tashqari, yaxshi shamollatilgan xonada, elektromagnit nurlanish manbai, ya'ni televizor, kompyuter yo'q xonada sutkasiga kamida 8 soat uxlash zarur. Karavot shimol-janub yo'nalishida turishi lozim. Tezroq uyquga ketish uchun uyqu oldidan bo'shashtiruvchi issiq vanna qabul qiling va bir stakan asalli sut iching. Manba: Maslahat.uz | |
|
Всего комментариев: 0 | |