Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

grfsdfsfsdf...fsdfsd

Payshanba, 28.11.2024
Главная » 2012 » Dekabr » 10 » Nega charchaysiz? Uni bartaraf etmoqchimisiz?
21:28
Nega charchaysiz? Uni bartaraf etmoqchimisiz?

Hammamiz toliqishdan, charchashdan arz dod qilamiz. Aslida aqliy faoliyat o‘z-o‘zidan sizni aslo toliqtirmaydi. Mana sizga hayratlanarli va g‘oyat muhim dalil! Bu bema'nilikdan boshqa tushuncha emas. Ammo bir necha yillar muqaddam olimlar odam miyasi «ishlash qobiliyatini susaytirmasdan» (bu charchashning ilmiy ta'rifidir) ishlash darajasini qancha davom etishini tushuntirishga harakat qildilar. Olimlarni hayratga solgani shuki, miyada o‘tuvchi qon faol holatda bo‘lganida, u charchoqni mutlaqo ifodalamas ekan! Agar siz ishlayotgan mardikorning venasidan qon olsangiz, unda ko‘p miqdorda horg‘inlik toksini va charchash belgilarini ko‘rasiz. Ammo, miyadagi qon tomchisini, masalan, Albert Eynshteyndan olsangiz, unda kun oxirida hech qanday horg‘inlik toksinlari mutlaqo bo‘lmaydi.

Shunday qilib, bizning miyamiz «sakkiz soatli yoki yigirma soatli ish kuni oxirida ham xuddi ish boshidagidek yaxshi va tez ishlaydi». Miya, umuman, charchamaydi... Xo‘sh, unda siz nega charchaysiz?
Psixiatrlarning tasdiqlashicha, ko‘pchilik hollarda charchash ruhiy va hissiy holatlar natijasi hisoblanadi. Angliyaning eng mashhur psixiatrlaridan biri J.E.Xedfild o‘zining «Kuch psixologiyasi» nomli kitobida shunday deb yozgan edi: «Odatda, biz ruhiy jihatdan kelib chiqqan charchoq tufayli aziyat chekamiz, jismoniy jihatdan darmon qurishi hodisasi juda kam uchraydi».

Amerikaning eng mashhur psixiatrlaridan biri doktor A.A.Brill undan ancha oldin ketdi. Brill shunday deb ta'kidlagan edi: «Aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchi sog‘lom xodimning yuz foiz charchog‘i ruhiy omillar, boshqacha ayt­ganda, hissiy-emotsional omillar tufayli yuzaga chiqadi».

Stolda o‘tirgan xodimning toliqishiga sabab bo‘ladigan emotsional omillar nimalardan iborat? Shodlikmi? Qoniqish hissimi? Yo‘q! Hyech qachon! Zerikish, xafagarchilik, qadrsizlanish, o‘z mehnatining ma'nosizligini his etish, pala-partishlik, xavotirlanish, bezovtalik - aynan ana shu hissiy omillar xizmat xonasida mixlanib o‘tirgan xodimning sillasini quritadi, uning shamollashga moyilligini kuchaytiradi, ish unumdorligini pasaytiradi va u bosh og‘rig‘idan azob chekib, uyiga yo‘l oladi. Aniqrog‘i, bizning salbiy hissiyotlarimiz jismimizda asabiy tarang vaziyatni yuzaga chiqaradi.

«Metropoliten layf» sug‘urta kompaniyasi charchoq to‘g‘risida risola bosib chiqardi. «Og‘ir mehnat, - deyiladi ushbu qo‘llanmada, - o‘z-o‘zidan juda kam hollarda charchoqni keltirib chiqaradi, uni yaxshi uyqu yoki dam olish bilan davolash qiyin kechmaydi... Bezovtalik, ruhiy zo‘riqish va hissiy iztirob - ana uch omil charchoqning sababchisidir. Jismoniy va aqliy mehnat sababli ular ba'zan asosiy aybdor. Esingizda bo‘lsin, tarang tortilgan mushaklar hech qachon dam olmaydi. O‘zingizni bo‘shashtiring. Kuch-quvvatingizni muhim ishlar uchun saqlang».

Endi bir zum sabr qi­ling, nimaiki ish qilgan bo‘lsangiz, o‘z ahvolingizni tekshirishdan o‘tkazing. Bu satrlarni o‘qib, qovog‘ingiz uyilib ketmadimi? Ikki ko‘zingiz orasidagi taranglikni sezdingizmi? Oromkursida o‘tirib, o‘zingizni bo‘sh qo‘ydingizmi? Yoki bukchayib qoldingizmi? Agar tanangiz qattiq va bo‘sh bo‘lmasa, shu paytdan boshlab xuddi eski latta qo‘g‘irchoq misoli asabiy va mushak tarangligini vujudga keltirgan bo‘­lasiz. Siz o‘zingiz uchun asa­biy taranglik va asabiy charchoqni yuzaga chiqargan bo‘lasiz!

Biz aqliy mehnat jarayonida nima uchun bunday behuda taranglikni yaratamiz? Josselin shunday deb yozadi: «Menimcha, asosiy to‘siq... umumiy tushuncha shundaki, go‘yo og‘ir mehnat taranglikni talab qi­ladi, boshqacha bo‘lganda, u muvaffaqiyatli bajarilmaydi». Biz bukchayib, fikr­larimizni bir joyga to‘plaganda qovoqlarimizni uyib olamiz. To‘qimalarimizni shunday majbur etamizki, u miyamiz faoliyatiga hech qanday yordam bermaydi!

Hayratga soladigan va fojiali haqiqatni e'tirof etishga to‘g‘ri keladi: millionlab odamlar behuda dollar sarflashdan qo‘rqadilar, Singapurdagi yetti badmast dengizchi o‘z kuch-quvvatini bekordan-bekorga sarflaydi.

Bunday asabiy toliqishga qarshi qanday kurashmoq kerak? O‘zingizni bo‘sh qo‘­ying!

Ishingizni bajarayotgan paytda o‘zingizni bo‘sh qo‘yishni o‘rganing!
Bu osonmi? Yo‘q, balki siz yillar davomida shakl­lanib ulgurgan o‘z xatti-harakatlaringizni o‘zgartirarsiz? Ammo hayotingizda katta o‘zgarish bo‘ladigan inqilobga harakat qi­lish kerak. Uilyam Jeyms o‘zining «Bo‘shashish hadisi» nomli essesida shunday deb yozadi: «Tub amerikaliklarda o‘ta zo‘riqish, asabiylik, shoshqaloqlik, haddan ortiq quvvat sarflash va muomalalardagi azobli talablar... bular oz-emas, ko‘p emas, be'mani xatti-harakatlardir». Tig‘izlik, bu - odat. Bo‘­shashish qobiliyati, bu ham odatdir. Bema'ni odatlardan xalos bo‘lish mumkin, yaxshi odatlar esa ho­sil qilinadi.

Siz qay tarzda bo‘shasha olasiz? Dastlab miyangiz bo‘shashadimi yoki asablaringizmi? Unisi ham emas, bunisi ham. Hammasidan oldin paylaringiz bo‘shashadi!
Endi buni bajarishga harakat qilamiz. Marhamat, biz bu ishni ko‘zni bo‘­shashtirishdan boshlaymiz. Mazkur xatboshini oxirigacha o‘qing, so‘ng orqaga suyanib, ko‘zingizni chirt yumib, fikran o‘z-o‘zingizga shunday deng: «Xotirjam dam oling, xotirjam orom oling, zo‘riqmang, xo‘mraymang. Dam oling, xotirjam dam oling!» Bu so‘zlarni bir daqiqa davomida ohista takrorlang...

Balki payqagandirsiz, bir necha daqiqadan so‘ng ko‘zlaringiz to‘qimasi o‘zingizga bo‘ysuna boshlaydi. Qandaydir mehribon qo‘l sizni zo‘riqishdan xalos etganini his etasiz. Balki ishonmassiz, ammo ana shu daqiqadan siz bo‘shashishning umumiy kaliti va san'atining sirini topdingiz. Shu tarzda jag‘, yuz, yelka, bo‘yin va butun gavdaning paylari bilan mazkur amalni bajarishingiz mumkin. Ammo organizmda eng muhimi ko‘z hisoblanadi. Chikago universiteti doktori Edmund Jekobson dadillik bilan shuni aytadiki, agar siz ko‘z to‘qimalarini to‘la bo‘­shashtira olsangiz, bir yo‘­la barcha noxush hodisa­lar­ni unuta olasiz. Asabiy taranglikda ko‘zning o‘rni shundaki, u asab quvvatining organizm yutadigan to‘rtdan bir qismini sarflaydi. Shu bois me'yorida ko‘ra oladigan odamlarning aksariyati astenopiya (ko‘zning tezda charchab qolishi) dardi bilan aziyat chekadi. Ular o‘z ko‘zlarini o‘zlari zo‘riqtiradilar.

Taniqli romanist ayol Vikki Baum yoshligida bir cholni uchratib, bu qariya unga bir umrga tatigulik saboq berganini xotirlaydi. Bir kuni u yiqilib tizzasini shilib yuboradi, bilagi shikastlanadi. Chol uni ko‘tarib oladi. Qachonlardir sirkda masxaraboz bo‘lib ishlagan bu qariya uning ko‘ylagini qoqib qo‘yar ekan, shunday deydi: «Sen bo‘shashmoqni bilmaganing uchun azob yeding. Gavdangni xuddi paypoq kabi yengil va yumshoq deb tasavvur qilgin, g‘ijimlangan paypoq misoli. Yur, bu qanday bo‘lishini senga ko‘rsataman».

Chol Vikki Baum va boshqa bolalarga qanday yiqilish, salto-mortalo va yumalashni ko‘rsatadi. U hamisha: «Tasavvur qilginki, sen - eski g‘ijimlangan paypoqsan. Shunda, albatta, bo‘shashasan», deya takrorlardi.

Siz qayerda bo‘lmang, hat­to ish o‘rtasida ham bo‘­sha­sha olasiz. Faqat bo‘shashaman, deb ortiqcha harakat qilmang. Bo‘shashmoq degani, aslida barcha harakat va zo‘riqishlarning yo‘q bo‘lishi demakdir. Qandaydir yoqimli narsa va bo‘shashmoq haqida o‘ylang. Dastlab ko‘zlaringiz va yuz paylari bo‘shashsin. «Xotirjam dam oling... Xotirjam orom oling... Xotirjam dam oling va o‘zingizni bo‘sh qo‘ying». Quvvat yuz paylaridan jismingiz markaziga tomon yo‘nalmoqda, deb faraz qiling. Xuddi navqiron yigit kabi o‘zingizni barcha zo‘riqishlardan ozod deb his eting.
Buyuk soprano qo‘shiqchisi Galli-Kurchi xuddi shunday yo‘l tutgan edi. Elen Jepson Galli-Kurchini tomosha ko‘rsatishidan oldin bir necha bor kuzatganini gapirib bergandi. U kursida o‘tirib, barcha mushaklarini to‘la ravishda bo‘shashtirardi. Pastki jag‘i shunchalik bo‘shashardiki, xuddi osilgandek bo‘lib qolardi. Bu ajoyib odat unga sahnaga chiqishdan oldin asabiylashishiga mutlaqo yo‘l bermasdi; u charchoqni bartaraf etar edi.

Bo‘shashtiruv (Relaksatsiya)ni o‘rgatishga yordam beradigan beshta tavsiya:

  • Bu sohada yozilgan eng yaxshi kitoblardan biri - «Asosiy zo‘riqishdan xalos bo‘lish»ni o‘qib chiqing. Muallifi Devid Garold Fink.
  • Mumkin bo‘lgan paytda bo‘shashing. Mayli, gavdangiz eski paypoq singari shalviragan bo‘lsin. Ishga kirishdan oldin men yozuv stoliga eski qo­ra jigarrang paypoqni tashlab qo‘yaman. U menga bo‘shashmoq kerakligini eslatib turadi. Agar sizda paypoq bo‘lmasa, mushuk ham o‘rnini bosadi. Siz biror marta oftobda mudrab yotgan mushukni qo‘lingizga olib ko‘rganmisiz? Balki uning boshi va dumi xuddi ho‘l gazetaday osilib turganini payqagandirsiz? Hatto, hind yoglari ham bo‘shashmoq san'atini o‘rganmoqchi bo‘lganlarga mushukka taqlid qilishni maslahat beradilar. Men uyqusi buzilgan yoki asabi chatoq mushukni hech qachon ko‘rgan emasman. Mushuklarni har qanday tashvish ham, oshqozon yallig‘lanishi ham sira bezovta qilmaydi. Siz ham mushukdek bo‘shashmoqni o‘rgansangiz, o‘zingizdan ana shu falokatlarni bartaraf etgan bo‘lasiz.
  • Bor kuch-quvvat bilan ishlang, faqat qulay joylashib oling. Esingizda bo‘lsin, gavdaning zo‘riqishi yelkalarga og‘riq beradi va asab charchog‘ini yuzaga keltiradi.
  • O‘z-o‘zingizni bir kunda to‘rt yoki besh marta nazorat qiling va «Ishimni bajara turib, haddan ziyod kuch sarflamayapmanmi? Paylarimni, garchi ishimga hech qanday aloqasi bo‘lmasa hamki, zo‘riqtirib qo‘y­mayapmanmi?» - deb o‘zingizdan so‘rang. Bu sizda bo‘­shashish tarzini ishlab chiqishga yordam beradi. Doktor Devid Garold Fink yozganidek, bu odat psixologiya fanini juda yaxshi bilgan kishilar orasida keng tarqalgan.
  • O‘zingizni ish kuni oxirida yana bir bor tekshirib, o‘z-o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Juda charchadimmi? Agar charchagan bo‘lsam, bu aqliy mehnat tufayli emas, balki uni bajarish usullari tufaylidir». «Men kun davomida unumli ishlaganimni, - deb yozadi Daniel U.Josselin, - charchaganimga emas, balki charchamaganimga qarab baholayman». U yana shunday deydi: «Ish kuni oxirida horigan yoki zo‘riqqanimni payqasam, asablarim charchagani bilinsa, hech ikkilanishsiz bilamanki, shu kuni men unumsiz ishlaganman; bu ham son, ham sifat jihatiga tegishlidir». Agar har bir kishi shu saboqni o‘zlashtirsa, gipertoniyadan vafot etish keskin pasayib ketar edi. Va sanatoriylarimiz va aqli noqislar uyi charchoq va bezovtalikdan abgor bo‘lganlar bilan bu darajada to‘lib qolmasdi.

Manba: Maslahat.uz

Категория: Ish va Karyera | Просмотров: 2060 | Добавил: Nodirbek | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]