20:36 O'zlik Sari Yetti Qadam - 2: Kemtiklar - Qadr | |
Kutilganidek, bu bo’limda bizga kuchli shaxs egasi bo’lishga halal berayotgan turli xil komplekslar haqida subatlashamiz. Lekin avval sizni odamning o’z-o’ziga bo’lgan hurmati haqidagi mavzuga jalb qilmoqchiman. Siz o’z shaxsiyatingizni qacnhalik hurmat qilishingizga ko’p narsa bog’liq – shu jumladan o’z komplekslaringizni yenga olish-olmasligingiz ham. O’z-o’ziga hurmat – o’zini boricha, fazilat va kamchiliklar, yutuq va xatolar bilan birga, hech kimga qiyos qilmagan, hech kimdan nisbat olmagan holda samimiy yaxshi ko’ra olish qobilyatidir. Eshitilishi juda oddiy – shunday emasmi? Biroq ko’pchiligimiz o’zimizga nisbatan bunday tuyg’uni his etmaymiz. O’ziga hurmat nima ekanini yaxshiroq anglash uchun uning tarkibiga nimalar kirmasligini bilib olaylik. Hudbinlik – o’z-o’ziga hurmat yoki mehr belgisi emas. Hudbin odam o’zini boshqalarga solishtirmasdan yaxshi ko’ra olmaydi – u aynan kimdandir nimadadir ustun ekanini his qilish ilinji bilan yashaydi. Uning o’z-o’ziga bo’lgan mehri boshqalarga zarar keltirish hisobidan bo’ladi. Hudbinlik alohida shaxslarda emas – har birimizda ma’lum miqdorda bor. Faqat, u kimdadir oshkora namoyon bo’lsa, kimdadir pinhona. Siz erishgan yutuqlar uchun o’zingizni yaxshi ko’rishingiz – o’zingizga hurmat emas, hudbinlik. Yaxshilab o’ylab ko’rilsa, biz hayotda erishgan hamma narsalar kimningdir manfatiga qarshi borish hisobidan bo’lgan. Kimnidir shu imkoniyatdan mahrum qilib, oliy o’quv yurtiga yoki ishga kirgansiz, biror yutuqqa erishish uchun nimalarnidir qurbon qilgansiz. Chin sevgi – qurbon talab etmaydi. Shuning uchun, o’z yutuqlari uchun o’zini yaxshi ko’rishning o’zini samimiy hurmat qilishga hech bir dahli yo’q. Manmanlik – hudbinlikning kichik inisi. U atrofdagilar uchun akasichalik zararli emas – uning asosiy kasri odamning o’ziga uradi. Atrofdagilar, uzog’i bilan, undan g’ashlanishlari mumkin. Manmanlik ham o’z-o’zini hurmat qilishdan yiroq – aksincha, manman odamda nuqsonlilik kompleksi kuchli bo’ladi. Shuning dastidan u atrofdagilarga past nazarda qaraydi – bu bor-yo’g’i o’z kompleksini yashirish uchun qilingan xiyla. G’urur yoki nafsoniyat – bu o’z-o’ziga hurmat emas, shaxsiy muhimlik tuyg’usi. Bu kasallikka chalingan odamlar o’z shaxsiyatlarini qandaydir tajovvuzlardan ximoya qilish dardi bilan yashaydilar. Ular shundoq ham bus-butun, ximoyaga muhtoj bo’lmagan shaxs ekanliklari ularning hayoliga ham kelmaydi. G’ururi kuchli odamlar muvozanatni keskin buzganliklari sababli, dunyo ham ularning ustidan kulishni yoqtiradi. Bunday odamlar shaxsiy tajovvuzga boshqalardan ko’proq uchraydilar. Ular hamma narsadan ustun tutgan g’ururlari qayta-qayta oyog’osti etilaveradi. Bu bilan muvozanat kuchlari muhimlikni yo’qotishga intiladi. Qaysarlik – o’z-o’zini yaxshi ko’ra olish bilan chalkashtiriladigan yana bir jixat. Qaysar odam o’zi to’g’ri deb bilgan narsalarni qayta ko’rib chiqish va o’zgartirishni istamaydi. Hudbin yoki manman odamdan farqli o’laroq, u ba’zi tamoillari xato ekanini biladi – ammo shaxsiy muhimlik tuyg’usi buni tan olishga imkon bermaydi. Bunday odamlarda g’urur ham yetarlicha kuchli bo’ladi. Yuqoridagilar tashqi yoki ichki muhimlikni o’ta oshirib yuborish dastidan kelib chiqadigan kemtiklar. Ammo tanganing boshqa tomoni ham bor – ba’zi odamlar hayotda uncha-muncha narsalarning ahamyatini o’ta tushurib yuboradi. Buning natihasida odam befarq yoki beg’am bo’lib qoladi. Boqibeg’amlikni ham o’z-o’zini yaxshi ko’rish deb bo’lmaydi, chunki bunday odamlar o’z shaxsiyatlari o’sishi uchun ham hech bir harakat qilmaydilar. Hudbinlikning tor ko’chalaridan, manmanlik va qaysarlikning tinimsiz ichki kurashlaridan, loqaydlikning soxta xotirjamligidan shaxsiyatimizni ozod qilib, unga o’z kuchini namoyon qilishga imkon bersak – biz qadr deb qilgan, aslida esa muhimlikning yorliqlari bo’lgan tuyg’ulardan boshqa ham hurmat qilish va yaxshi ko’rishga arziydigan juda ko’p jixatlarimiz borligi oshkor bo’ladi. Sizning qadringiz siz erishgan yutuqlar, qilgan buyuk ishlar, talqon qilgan tog’lar, siz topgan pul yoki siz egallab turgan mavqe bilan emas – shaxsiyatingiz kuchi bilan o’lchanadi. O’sha shaxsiy kuch qanchalik ko’p bo’lishini esa siz hal qilasiz. Hayotda katta yutuqlarga erishib, tog’larni talqon qilib, pulda cho’milib va mavqeda osmonga ko’tarilib ham to’zim topmagan, baxtli bo’lmagan, asosiysi – o’zini yaxshi ko’ra olmagan odamlar qancha. Ular soxta qadriyatlar ortidan quvaverishgan – ammo haqiqiy qadriyat bo’lgan shaxsiyat kuchini oshirish haqida g’am chekishmagan. Ha, aytganday – o’z-o’zini hurmat qila olishning yana bir belgisi bor: o’zini samimiy yaxshi ko’ra olgan odam – boshqalarni ham huddi shunday shartsiz seva oladi. Hudbin, manman, qaysar yoki beg’am odam birovni shartsiz emas, umuman, yaxshi ko’ra olishi qiyin. O’zini yaxshi ko’rgan odam boshqalar ham huddi shunday hurmatga loyiq alohida shaxs ekanini, ularning ham asl qadri shaxsiyatlari kuchida ekanini yaxshi biladi. Xo’sh, siz o’zingizni, o’z shaxsiyatingizni – ushbu kitob orqali tanib olmoqchi bo’lgan o’zligingizni boricha hech bir shartsiz samimiy yaxshi ko’ra olasizmi?.. | |
|
Всего комментариев: 0 | |