20:45 O'zlik Sari Yetti Qadam - 2: Muhimlik - Sergaklik | |
"Do’ppi desa – boshni uzib keladi” Boshqacha qilib aytganda, agar siz vaziyatga befarq turib baho bera olsangiz – shu baho sergaklikka ancha yaqin bo’ladi. Lekin juda ko’p hollarda vaziyatga befarq qarab bo’lmaydi, deysizmi? Buni sizga kim aytdi? Vaziyatning muhimligini oshirib, unga hissiyotlar aralashishini talab etayotgan kim? Ha yashang – aqlingiz. Bu shaytonning gapiga qachongacha jiddiy qaramoqchisiz – shuni hal qilish muddati yetdi, menimcha. Har qalay, buni qancha tez qilsangiz, shuncha yaxshi. Har qanday vaziyatda ham odam sergaklikni saqlab qolishi mumkin. Bu achinarli vaziyat bo’ladimi, g’azab uyg’otadigan holatmi – ahamyatsiz. Agar sergaklik yo’qotilsa, odam xato qaror qabul qilish ehtimoli keskin oshadi. Aytaylik, siz aktyorsiz. Spektakl voqealarini muhim hisoblab, ularga berilib ketsangiz – siz muhimlik domiga tushib, uxlab qoldingiz degani. Endi ijro etayotgan rolingiz muammolari sizning muammolaringizga aylandi. Yoki siz, aksincha, rolingizni juda sovuqqonlik bilan ijro etyapsiz deylik. Bunda xatti-harakatlaringiz juda beo’xshov, soxta chiqadi – chunki siz vaziyat ahamyatini o’ta tushirib yubordingiz. Siz – tomoshabindek ish tuting. Spektakl voqealarini tomoshabin bor e’tibori bilan kuzatadi, qahramonlar bilan birga kuladi va yig’laydi – lekin shu bilan birgalikda uning "ichiga” kirib ketmaydi. Tomoshabin ongining bir bo’lagi bularning bari sahnadagi spektakl ekani va uning hayotiga bevosita aloqador emasligini yodda saqlaydi. Bunday tomoshabinlar – yaxshi tomoshabinlar. Ular aktyorlar mahoratini ham, scenariy falsafasini ham ilg’ab ulguradilar, o’zlariga tegishli xulosalar chiqaradilar. Albatta, sergak turmaydigan "yomon” tomoshabinlar ham bo’ladi – ular yoki o’ta sahnadagi voqealarga berilib ketib, spektaklning asl mohiyatini tushunmay qoladilar; yoki tomoshani istamay, befarq kuzatadilar, hech narsani tushunmaydilar va u tezroq tugashini kutadilar. Siz ham hayotiy vaziyatlarda o’zingizni "yaxshi tomoshabin” kabi sergak tuting – vaziyatga kirib ketib, uning bir bo’lagi bo’lib qolmang, ammo unga sovuqqon ham qaramang. Birinchi usul ancha mushkulroq – ayniqsa, agar gap siz yoki yaqinlaringiz haqida borayotgan bo’lsa. Bunda "Men bu vaziyatga mutlaqo aloqasi bo’lmagan odam bo’lganimda, nima qilgan bo’lardim?” kabi savol bilan sergaklikni tiklash ancha qiyin. Bu usul samarasi yuqoriroq – ammo uni muhimlikni jilovlashda ancha tajribasi bor odamgina uddalaydi. Ikkinchi usulda siz o’zingizga "Bu holatga falonchi nima deb munosabat bildirgan bo’lardi?” degan savolni berasiz. Bunda o’sha "falonchi” kim bo’lishi uncha muhim emas – asosiysi, u bu vaziyatga mutlaqo dahli yo’q shaxsh bo’lgani. "Falonchi”ni o’zingiz yoqtirgan va havas qilgan odamlar orasidan tanlang – bu qaltis vaziyatda ham uni osongina eslay olishingizni ta’minlaydi. Shaxsan men "Bu holatda Pushkin nima qilgan bo’lardi?” deb savol berib, "Shu holat haqida ham she’r yozib qo’yish imkoniyatini u sira ham qo’ldan boy bermagan bo’lardi” kabi javob aytardim. Hazilkashlik (yumor) hissi sergaklikni tiklash uchun eng zo’r qurol. Ayniqsa, agar vaziyat yoqimsiz yoki hatarli tus olsa, unga bir oz hazil tuzidan sepgan zarar qilmaydi. Muhimlik kulgidan azbaroyi qo’rqadi. Kulgi har qanday muhimlikni bir zumda tarqatib yuborishi, odamni sergaklikka qaytarishi mumkin. Zinhor va zinhor hech bir vaziyatga jiddiy qaramang – jiddiylik muhimlikni oshiradi. Agar siz turgan holatda hazillashish ahloq qoidalariga zid bo’lmasa – qo’rqmasdan hazil hissingizni ishga soling. Bundan hech kim yutqazmaydi. Albatta, bularning bari amaliy ish beradigan kuchli usullar. Lekin bir muammo bor: muhimlik nafrat, qo’rquv, hayajon yoki soxta sevinch bilan ko’zimizni ko’r va qulog’imizni kar qilib qo’yganda bularning barini eslash juda qiyin. Muhimlik ham anoyi emas – u vaziyatni sizga bo’rttirib ko’rsatishdan oldin, siz unga qarshi ishlatishingiz mumkin bo’lgan qurollarga boradigan yo’lni to’sib qo’yadi. Biroq buning ham davosi bor. Muhimlik qo’ygan tuzoqlarga tushmaslik uchun siz o’zingizga langar tanlab olishingiz lozim. Langar – bu sizga muhimlik, uning makrlari, uning xiylalariga uchmaslik va sergaklikni saqlab qolish yo’llari haqida bilganlaringizni eslatadigan narsa. Siz istagan narsangizni langar qilib olishingiz mumkin. Bu siz doim taqib yuradigan uzuk, qo’lsoat yoki boshqa doimiy yoningizda yuradigan va sizning e’tiboringizni torta oladigan buyum, siz ko’p ishlatadigan so’z, yoqtirgan insoningiz ismi va shu kabilar bo’lishi mumkin. Muhimlik avj olgan holatda siz langarni ko’rib qolsangiz, yoki langar-so’zni aytsangiz yoki hayolingizdan o’tkazsangiz kifoya – bir zumda sergak tortib, muhimlik ta’siridan qutulasiz. To’g’ri – avvaliga ba’zi vaziyatlarda langar ham yordam bermay qolishi mumkin. Lekin asta-sekin yengil holatlarda, keyinchalik esa o’ta dolzarb vaziyatlarda ham sergaklikni boy bermaydigan bo’lasiz. Ha, sizga bir sirni oldindan ochib qo’yishim mumkin: agar har qanday vaziyatda sergaklikni saqlay bilsangiz, hayotingizda jiddiy vaziyatlar umuman bo’lmaydi. U yoki bu holatni jiddiylik darajasiga muhimlik olib boradi – muhimlik zabt etilgandan keyin esa bunday bo’lmasligi tayin. Qalay?.. | |
|
Всего комментариев: 0 | |