14:53 Sevgining Fasliy O‘zgarishiga Tayyor Bo‘ling! | |
Tabiatda yil fasllarining o‘zgarib turishi, har bir faslning o‘ziga xos takrorlanmas go‘zalliklari borligini bilamiz. Tabiatdagi o‘zgarishlarni orziqib kutamiz, ulardan zavqlanamiz. Lekin o‘z ruhiy olamizda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarni ko‘ra bilmaymiz. Bu esa bizning hissiyotlarimizga, oilaviy hayotimizga salbiy ta'sir ko‘rsatish mumkin. Bu o‘rinda so‘z muhabbatdagi fasllar o‘zgarishi, undagi eng murakkab va havfli bo‘lgan ikkinchi bosqichdan uchinchi bosqichga o‘tish haqida boryapti. O‘tish har qanday davr uchun ma'lum bir inqirozlar bilan kechgani sababli bu bosqichda ham qator qiyinchiliklarga, turmush urinishlariga ro‘baro kelishi mumkin.chunki aynan shu davrdan boshlab sevgilisni ideallashtirib idrok qilishga moyillik kamayib boradi. Endi shaxs qanday bo‘lsa, shundayligicha, real, aniq va xolisona idrok qilinadi. Mehr-muhabbatning yo‘nalishi o‘zgarib farzandlar tomonga og‘adi va turmush o‘rtog‘iga nisbatan esa kamayib boradi. Ruhiy to‘yinish - er-xotiningbir-biridan to‘yib qolishidan, oiladagi turli ikir-chikirlardan nizolar kelib chiqa boshlaydi. Er-xotin qanchalik yosh bo‘lsa, bu davr shunchalik og‘ir o‘tadi. O‘zaro kelishmovchiliklar ko‘payadi. Ularning yoshligi, hayotiy tajribalari yo‘qligi oqibatida "muhabbatimiz o‘ldi” yoki "muhabbatda, umr yo‘ldoshini tanlashda adashdim, men hali yoshman xatoyimni to‘g‘rilab olaman”, deb oilaviy yong‘inini alanga oldirish bilan ahvol yanada og‘irlashadi. Kuyov o‘zicha: "Ko‘cha to‘la xotin”, - dese, kelin: "Er qurib qoldimi, ko‘chaga chiqsam son mingta er, xohlasam ertagayoq birortasiga tegib olaman” - degan xayolga borishlari mumkin. Natijada to‘yinishga uchragan hissiyotlarni va o‘zaro munosabatlarni ruhiy jihatdan tahlil qilib, to‘g‘ri xulosa chiqarish o‘rniga salbiy munosabatlar yuzaga keladi va ikki yosh ham bu munosabatning quliga aylanib qoladilar. "Savodsiz bo‘lmasa shu ishlarni qilarmidi?”, "Oliy ma'lumotli xotin olgandan ko‘ra uylanmasdan o‘tgan yaxshi”; "Erimning yoshi mendan ancha kattaligidan ba'zida meni qiziqishlarimni tushunmaydi”, "Xotinim yoshligi tufayli bir ma'nili fikr, ish chiqmaydi, xuddi yosh bolalarga o‘xshab hayoli doim o‘yin-kulguda”; "Xotining pedagog bo‘lsa, bir umr tarbiyalaydi”, "ering san'atkor bo‘lsa, oilaviy hayotining sahnaga aylanadi, xotining san'atkor bo‘lsa, vafosizlik soya kabi ajralmaydi ” va shu kabi o‘zini oqlab, bor gunohni umr yo‘ldoshiga ag‘darishga intilish salbiy munosabatlarning shakllanishiga imkon yaratadi. Bunday munosabat shakllangandan so‘ng oilaviy hayotdagi har qanday kelishmovchilik va nizolar xuddi shu munosabat zaminida hosil bo‘layotgandek idrok etiladi. Bu munosabatga aloqador bo‘lmagan voqyealar xotirada saqlanmaydi, unga aloqadorlar esa uzoq muddatgacha xotirada saqlanib qoladi. Undan so‘ng er-xotin salbiy munosabatlar quliga aylanadilar. Bu esa asta-sekin oila poydevorini yemirib, uning barbod bo‘lishiga olib keladi. Endi o‘zaro er-xotin emas, balki ular orasidagi munosabatlar kurashadi. Er-xotin esa mazkur munosabatlarning jasur jangchilariga aylanadilar. Ular orasidagi jang muhabbat tamomila barbod bo‘lgunicha davom etaveradi. Lekin barcha oilalarda ham o‘tish davri yuqorida ifodalangandek kechavermaydi. Yuqorida sevishganlar orasidagi salbiy munosabat va uning oilaviy munosabatga zarbasini aytib o‘tdik xolos. Ammo munosabatlar ijobiy ham bo‘ladi. Muhabbatning birinchi bosqichida hissiyotli inson ijobiy munosabatlar ta'sirida va ayniqsa, ikkinchi bosqichida o‘zining yuqori nuqtasiga yetadi. Ammo ba'zi er-xotinlar (ko‘pincha ayollarda) uchinchi bosqichga o‘tishda va o‘tgandan so‘ng atrofdagi er-xotinlarga havas bilan qaraydilar, ularni o‘z erlariga o‘rnak qilib ko‘rsata boshlaydilar. Bunda aksariyat ayol kishining o‘z hayotiga xolisona ko‘z bilan qaramasdan chiqargan xulosalari ustunlik qiladi. Bunday ayol va erkak o‘z eri yoki xotiniga ularning hamkasblari, do‘stlari, tanish-bilishlari ko‘zi bilan qarab ko‘rishlari kerak. Shunda ular o‘z umr yo‘ldoshlarida qanchadan-qancha ijobiy hislatlarni ko‘radilar, ulardan boshqalarda bo‘lmagan, biroq o‘zlari qadrlay bilmagan qimmatli tomonlarni topadilar. Hayot murakkab jarayon, unda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Arzimas sabablardan janjal chiqarishga, uni avj oldirishga harakat qilmaslik kerak. Bizda "er-xotinning urishi - doka ro‘molning qurishi”, degan ibratli gap bor. Xususan, o‘rtada farzandlar paydo bo‘lgandan keyin juda ehtiyot bo‘lish zarur. Barbod bo‘layotgan muhabbat tuyg‘usini hech bo‘lmaganda norasida go‘daklar hurmati uchun, ular taqdirini o‘ylab ham asrab qolish shart. Loaqal oila saqlab qolinganida ham sevgi-muhabbat hislarining nafratga aylanib ketmasligiga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Oilaviy hayotdagi hursandchiliklarni, o‘tib ketgan shirin damlarni, iliq munosabatlarni eslash ham arzimas nizolarni ro‘yobga chiqarishning oldini oladi. Bu o‘rinda er-xotin bir-birlarining xulq-atvorlaridagi ijobiy xususiyatlarini eslab turishlari ham muhim rol o‘ynaydi. Shuni eslatib o‘tish kerakki, muhabbatning ikkinchisi - alangalangan bosqichi umrini uzaytirishga, o‘zaro hurmat bosqichiga inqirozsiz, nizolarsiz o‘tishga yordam beradi. Buning zaruriy shartlari o‘ta madaniyatli bo‘lish, oilaviy turmushga ijobiy yondashishdir. | |
|
Всего комментариев: 0 | |